19-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Ushbu Qonunda manfaatlar toʻqnashuvi deganda homiylik tashkiloti va manfaatdor shaxslar (mazkur tashkilot boshqaruv organlarining xodimlari, shu jumladan mansabdor shaxslari, aʼzolari, ularning yaqin qarindoshlari yoki kreditorlari, shuningdek oʻzlarining homiylik tashkiloti bilan oʻzaro munosabatlari oqibatida tashkilotning mol-mulkini tasarruf qilishga taʼsir etishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaat koʻrish maqsadida tashkilot bilan shaxsan yoki oʻz vakillari orqali hamkorlik qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar) oʻrtasida amalga oshiriladigan, homiylik tashkilotining mol-mulkini tasarruf etishga daxldor boʻlgan, homiylik faoliyatining manfaatlari hamda maqsadlariga mos kelmagan yoki mos kelmasligi mumkin boʻlgan bitimlar va (yoki) operatsiyalar eʼtirof etiladi.
Homiylik tashkilotining manfaatdor shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek homiylik tashkiloti tomonidan manfaatdor shaxslar foydasiga boshqa harakatlar amalga oshirilishiga homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Manfaatlar toʻqnashuvi chogʻida vujudga keladigan nizolar homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tomonidan hal qilinadi.
