16-modda. Homiylik tashkiloti faoliyati ustidan nazorat
Homiylik toʻgʻrisida (O‘RQ-96-son) · Sana: 02.05.2007 · Amalda
Adliya organlari homiylik tashkilotining ustavi qoidalariga rioya etilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi.
Homiylik tashkilotining moliyalashtirish manbalari va daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi ustidan davlat soliq xizmati organlari qonunchilikka muvofiq davlat nazoratini amalga oshiradi.
Homiylik tashkilotining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda adliya va davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi.
Homiylik tashkilotiga mol-mulk, shu jumladan pul mablagʻlari beruvchi homiylar mazkur tashkilotdan shu mol-mulkdan maqsadli foydalanilganligi toʻgʻrisida hisobot talab qilishga haqli.
Homiylik tashkiloti oʻz yillik hisobotlaridan erkin foydalanilishini taʼminlaydi.
Homiylik tashkiloti daromadlari va xarajatlarining miqdorlari hamda tuzilishi, mol-mulki, xodimlarining soni, ularning mehnatiga haq toʻlash va koʻngillilarni jalb etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tijorat siri boʻlmaydi.
Adliya organlari homiylik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini yuborishga, mazkur tashkilot aʼzolaridan va boshqa fuqarolardan homiylik tashkilotining ustaviga rioya etilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tushuntirishlar olishga haqli.
