20-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida (818-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida chiqariladi.
Shoshilinch va boshqa joriy masalalar boʻyicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirigʻiga binoan Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir yoki uning birinchi oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan bevosita yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplamida eʼlon qilinadi, keng ommaga darhol yetkazish zarur boʻlgan taqdirda esa — ommaviy axborot vositalari orqali maʼlum qilinadi.
