13-modda. Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislaridagina qaror qabul qilinadigan masalalar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida (818-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi.
Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislarida quyidagilar koʻrib chiqiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi budjetini tayyorlash va ijro etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ixtiyoridagi budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, Oʻzbekiston Respublikasini va uning ayrim mintaqalarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlatning qimmatbaho qogʻozlarini chiqarish hajmi hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat ichki va tashqi qarzi koʻlamlari toʻgʻrisidagi takliflar;
soliq va davlat bojlarining stavkalarini belgilash va oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar;
davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish dasturlarining loyihalari va xususiylashtirishdan olingan mablagʻlardan foydalanishning asosiy yunalishlari toʻgʻrisidagi takliflar;
belgilab qoʻyilgan davlat narxlari qoʻllaniladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar roʻyxati;
qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari;
davlatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolash toʻgʻrisida takliflar.
