1994/95 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul qoidalarini tasdiqlash haqida (68-son)
13.06.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
BuyruGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1994-yil 13-iyunda 68-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. 1994/05 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul Qoidalari (1-ilova) va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul qilishning (2-ilova) dastlabki hisobot hujjatlari shakllari tasdiqlansin.
2.Oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga oʻqishga test sinovi usulida qabul qilish haqida yuqori tashkilotlarning tegishli qarori chiqqanda, ushbu buyruqqa maʼlum oʻzgartirishlar kiritilishi inobatga olinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1993-yil 25-martdagi 48 sonli buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Asos: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 1994-yil 25-fevraldagi 2/4 sonli hayʼat majlisi qarori.
Vazir O. SALIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-mart,
61-son
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul qilishning
QOIDALARI
1. Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga asos yoki umumiy oʻrta maʼlumoti boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, uning hududida yashovchi chet ellik fuqarolar qabul qilinadilar.
Boshqa davlatlarning fuqarolari tegishli davlatlararo shartnoma va bitimlar belgilangan shartlar va tartibga koʻra hamda individual kontraktlar asosida qabul qilinadilar.
2. Barcha oʻqishga kiruvchilar, oʻzlarining kelib chiqishlaridan, jinslaridan, ona tillaridan, ijtimoiy va moddiy sharoitlaridan, irqlari va millatlaridan, eʼtiqodlaridan, qaysi partiya va dinga mansubliklaridan yoki munosabatlaridan qatʼi nazar, teng huquqqa egadirlar.
Cheklashlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tibbiy koʻrsatmalar asosida boʻlishi mumkin.
3. Oʻquv yurtlariga kiruvchilar uchun qabul shartlari va tartibi qabul komissiyasi tomonidan hujjatlar qabul qilinishidan ikki oy oldin maʼlum qilinadi.
Hujjat oʻquv yurtining qabul komissiyasiga topshiriladi.
Kirish imtihonlarining roʻyxati, miqdori va shakli oʻrta maxsus oʻquv yurtining boshqaruv organi tomonidan belgilanadi. Imtihonlarning soni uch umumtaʼlim fanidan oshmasligi kerak.
Tanlov tartibi, shuningdek kiruvchilar uchun qabul yuzasidan qoʻshimcha talablar mutaxassislar tayyorlash sohasi hamda mintaqaning aniq ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, shuningdek, tarmoq xususiyati hisobga olinib, oʻquv yurti boshqaruv organi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Arizalar qabul qilish, kirish imtihonlari va qabul muddatlari:
4. Oʻquv yurtlarning boshqaruv organi madaniyat va sanʼat, maorif, meʼmorchilik va qurilish, sogʻliqni saqlash kabi ayrim mutaxassisliklarga kiruvchilar uchun umumtaʼlim fanlaridan tashqari mutaxassislik boʻyicha qoʻshimcha imtihon belgilashi mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining barcha oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida oʻqishga kiruvchilar kirish imtihonlarini (davlat) oʻzbek tili (Qoraqalpogʻiston Respublikasida — qoraqalpoq tili)da yoki rus tilida topshiradilar.
5. Bandga izoh: Qozoq, turkman, tojik, qirgʻiz va boshqa millatlar zich yashaydigan hududlarda joylashgan oʻquv yurtlari yuqorida koʻrsatilgan millat tili oʻqish olib boriladigan tilda kirish imtihonlari tashkil qilishlari mumkin.
6. Kirish imtihonlari (mutaxassislikdan tashqari) asos (8-9 sinf) yoki oʻrta umumtaʼlim maktab dasturlariga muvofiq oʻtkaziladi.
Mutaxassislik boʻyicha kirish imtihonlari esa tegishli boshqaruv organi tasdiqlagan dastur asosida tashkil etiladi.
7. Xalq taʼlimining boshqa tizimlarida oʻtkazilgan shu yilgi sinovlar (oʻrta maktab, hunar-texnika bilim yurtini bitiruv imtihonlari, fanlar boʻyicha oʻtkazilgan olimpiadalar, tanlovlar va boshqalar) bahosi boshqaruv maʼmuriyatining roziligi bilan ayrim oʻquv yurtida kirish imtihonlari bahosiga tenglashtirilishi va kirish imtihoni bahosi sifatida qabul qilinishi mumkin.
8. Kunduzgi hunar-texnika bilim yurtini tugatgan shaxslarga, ishlab chiqarishdan ajralgan holda shu yili oʻqishga kirish huquqi beriladi.
9. Imtihonlar (test sinovlari)ni muvaffaqiyatli topshirib, tanlovdan oʻtgan shaxslar qabul (komissiyasi qaroriga asosan talabalar safiga qabul) qilinadilar.
10. Kirish imtihonlarida ijobiy baho olgan yetimlar, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar; 1 va 2 guruh nogironlari, agar ularga tibbiyot mehnat ekspert komissiyasining xulosasiga binoan tanlangan mutaxassisligi yuzasidan oʻqish zid boʻlmasa va ular oʻquv rejasi boʻyicha mashgʻulotlarga qatnay olsa, shuningdek, zaxiraga joʻnatilgan harbiy xizmatlilar imtiyozi haqida komissariyatdan guvohnomasi boʻlgan taqdirda tanlovsiz qabul qilinadilar.
Respublika hukumati tomonidan belgilanadigan, ijtimoiy masalalardan kelib chiquvchi boshqa imtiyozlar oʻquv yurtlari taklifi asosida boshqaruv organi tomonidan belgilanadi.
11. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqishga birinchi navbatda; tanlangan mutaxassisliklari boʻyicha ishlayotgan shaxslar; harbiy xizmatchilar (zaxiraga boʻshatilganidan soʻng uch yil mobaynida); harbiy xizmatchilarning xotinlari 1-va 2-guruh nogironlari; tanlangan mutaxassisliklari boʻyicha hunar-texnika bilim yurtlarining bitiruvchilari; farzandlari 3 yoshgacha boʻlgan ishlayotgan ayollar qabul qilinadi.
12. Qabul komissiyalariga tanlovidan soʻng boʻsh qolgan oʻrinlarga boshqa oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida kirish imtihonlarida ijobiy baho olgan, shuningdek, oliy oʻquv yurtida test sinovlari natijasiga koʻra tanlovdan oʻtolmagan shaxslar, profil yoʻnalishi bir xil boʻlgan taqdirda, belgilangan namunadagi maʼlumotnomalar asosida qabul qilishga ruxsat etiladi.
13 Qabul bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul qilish qoidalari va “Qabul komissiyasi toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra qabul komissiyasi va boshqaruv organi koʻrib chiqadi.
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qabul qilishdagi dastlabki qayd etish hujjatlarining
NAMUNALARI
01-namuna. Direktor nomiga ariza. Oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga kirish istagidagi nomzodlar tomondan shaxsan yoziladi.
02-namuna. Roʻyxatga olish daftari. Oʻqishga kiruvchi haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni qayd etadi. Daftar sahifalari, raqamlangan ip bilan bogʻlab qoʻyilgan hamda Oʻrta maxsus oʻquv yurtining muhri va qabul komissiyasi raisining imzosi qoʻyilgan boʻlishi kerak. Kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim uchun alohida daftar yuritish tavsiya etiladi. Daftar 297 x 420 mm. oʻlchovdagi qogʻozda boʻlishi tavsiya etiladi.
03-namuna. Imtihon varaqasi. Imtihonga ruxsat beruvchi hujjat boʻlib, imtihonlar tugagach qabul komissiyasiga qaytariladi. Imtihon varaqasiga qabul komissiyasi masʼul kotibining imzosi qoʻyiladi va oʻrta maxsus oʻquv yurtining gerbli muhri bosiladi, qabul haqidagi masala hal boʻlgandan soʻng imtihon varaqasi oʻquvchining shaxsiy ishida saqlanadi, qabul rad etilsa — arxivda uch oy mobaynida saqlanadi.
04–namuna. Hujjatlar qabul qilingani haqida tilxat. Hujjatlar qabul qilingani haqidagi tilxat oʻqishga kiruvchiga shaxsan hujjat qabul qilingandan soʻng beriladi yoki pochta orqali joʻnatiladi. Namuna blankalarini 148 x 210 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya qilinadi.
05-namuna. Kirish imtihonlariga qatnashish haqidagi bildirish. Qabul komissiyasining imtihonga kiritish haqidagi qaroridan soʻng oʻqishga kiruvchining qoʻliga beriladi yoki buyurtma xat bilan joʻnatiladi. Namuna blankalarini 148 x 210 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya etiladi.
06-namuna. Oʻquvchilik safiga qabul qilinganlik haqida bildirish. Oʻrta maxsus oʻquv yurti boʻyicha oʻquvchilar safiga qabul qilinganlik haqidagi buyruq chiqishi bilan beriladi (joʻnatiladi). Namuna blankalarini 148 x 210 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya qilinadi.
07–namuna. Qabul rad etilganligi haqidagi bildirish (Taqdim qilingan hujjatlardagi yetishmovchiliklarga asosan kirish imtihoniga kiritmaslik, kirish imtihoniga kelmaslik yoki qoniqarsiz baho olish va boshqa sabablarga koʻra). Hujjatlar bilan buyurtma xat orqali qabul komissiyasining qaroridan soʻng 3 kun ichida joʻnatiladi. Namuna blankalari 148 x 210 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya qilinadi.
08–namuna. Imtihon qaydnomasi (oʻqishga kiruvchilar uchun). Har bir fan, guruh uchun kirish imtihoni oluvchi oʻqituvchilar tomonidan rasmiylashtiradi. Imtihon tugagach, qabul komissiyasi masʼul kotibiga topshiriladi. Namuna blankalari 210 x 297 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya qilinadi.
09-namuna. Kirish imtihonlari oʻtkazilgan hamma fanlar boʻyicha imtihon baholarining umumlashgan qaydnomasi. Qabul komissiyasining masʼul kotibi tomonidan har bir guruh uchun kirish imtihonlari tugagandan soʻng rasmiylashtiriladi.
10-namuna. Oʻquv yurtiga kirish imtihonlarida olingan baholar haqida maʼlumotnoma. Tanlovda oʻta olmaganlarga boshqa oʻquv yurtlariga taqdim etish uchun beriladi. Namuna blankalarini 148 x 210 mm. oʻlchovdagi qogʻozda chop etish tavsiya qilinadi.
