Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-618-son)
10.04.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sugʻurta xizmatlarining raqobat bozorini yanada shakllantirish, sugʻurta faoliyatining zamonaviy turlarini rivojlantirish va sifatini oshirish, sugʻurtalovchilarning kapitallashuv darajasini koʻpaytirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash, ularning mintaqaviy tarmoqlarini kengaytirish, shuningdek sugʻurtalashni tartibga solish usullarini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2007 — 2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin, unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilgan:
sugʻurtalash, sugʻurta faoliyati va sugʻurta nazoratining qonunchilik va normativ-huquqiy bazasini xalqaro amaliyotga muvofiq yanada takomillashtirish;
koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari, ayniqsa tadbirkorlik faoliyatini, import-eksport operatsiyalarini sugʻurtalash, hayotni uzoq muddatga sugʻurtalash, shu jumladan sugʻurtaning jamgʻarma turlari sohasida sugʻurta xizmatlari hajmini, koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish;
respublika sugʻurta bozorini xalqaro sugʻurta bozorlariga integratsiyalash;
sugʻurtalash sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vazirliklar, idoralar va bajaruvchilar — sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tasdiqlangan Sugʻurta bozorining professional qatnashchilari toʻgʻrisidagi nizom talablariga javob bermaydigan sugʻurta tashkilotlari faoliyatini 2008-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda toʻxtatish va litsenziyalarini bekor qilish chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mamlakat iqtisodiyot oliy taʼlim muassasalarida ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etish, sugʻurta bozori professional qatnashchilarining yuqori malakali mutaxassislari tayyorlash kontingentini kengaytirish va sifatini oshirish, ularning malakasini muntazam ravishda oshirish boʻyicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va respublika sugʻurta kompaniyalarining quyidagilar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlgan Oʻzbekiston sugʻurta bozori professional qatnashchilari uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
sugʻurta bozori konyunkturasini oʻrganish, uning yuqori darajada ochiq-oydinligini taʼminlash, raqobatni rivojlantirish, sugʻurta xizmatlari hajmlarini koʻpaytirish, koʻlamini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
potensial xorijiy investorlarga mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta sohasiga investitsiyalashda koʻmaklashish;
respublika aholisi oʻrtasida sugʻurtalash masalalari boʻyicha faol tushuntirish ishlarini olib borish;
sugʻurtalash uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, sugʻurta bozori professional qatnashchilari uchun professional etika normalarini ishlab chiqish.
6. Sugʻurta bozorini rivojlantirish hamda yuridik va jismoniy shaxslarning sugʻurtalashda keng qatnashishini ragʻbatlantirish uchun belgilab qoʻyilsinki, hayotni uzoq muddatga sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta mukofotlari soliqqa tortilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 10-aprel,
PQ-618-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-son qaroriga 1-ILOVA
2007—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2024-y., 07/24/108/0171-son)
