4-modda. Shikoyat berish
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida (108-I-son) · Sana: 30.08.1995 · Amalda
Fuqaro oʻz huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan shikoyat bilan bevosita sudga yoki tobelik tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga murojaat qilish huquqiga ega.
Tobelik tartibida yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxs shikoyatni bir oylik muddatda koʻrib chiqishlari shart. Agar fuqaroning shikoyatini qanoatlantirish rad qilingan boʻlsa yoki u shikoyat bergan kundan boshlab bir oy mobaynida javob olmagan boʻlsa, sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.
Shikoyatni huquqlari, erkinliklari buzilgan fuqaro yoki uning vakili, shuningdek fuqaroning iltimosiga koʻra jamoat birlashmasining, mehnat jamoasining vakolat berilgan vakili berishi mumkin.
Shikoyat fuqaroning xohishiga qarab yo u yashaydigan joydagi sudga yoki organ joylashgan yerdagi, yoxud xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilinayotgan mansabdor shaxsning ish joyidagi sudga beriladi.
Harbiy xizmatchi oʻzining huquqlari va erkinliklarini buzayotgan harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat bilan harbiy sudga, shuningdek yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga ushbu moddada koʻzda tutilgan tartibda murojaat qilishga haqli.
