5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish tartibi
Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida (O‘RQ-88-son) · Sana: 11.04.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:
a) Bosh vazirning isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
b) Bosh vazir oʻz vakolatlarini bajarishi mumkin boʻlmay qolgan taqdirda;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega boʻlgan bunday tashabbusni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qoʻllab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilganda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy soni uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozini olsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining lavozimdan ozod etilishi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining isteʼfoga chiqishiga sabab boʻladi.
