2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari
Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida (O‘RQ-88-son) · Sana: 11.04.2007 · Amalda
Siyosiy partiya fraksiyasi siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan deputatlar birlashmasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta siyosiy partiyalar fraksiyalari parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;
qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar oʻsha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni, qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar uning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan matnining yoki tarkibiy birligi matnining muqobil tahririni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bayonnomasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarida hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish (“hukumat soati”) doirasida yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;
