12-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (29-I-son) · Sana: 06.05.2005 · Amalda
Senat majlisida qilinadigan maʼruzalar va qoʻshimcha maʼruzalarning hamda soʻzlanadigan yakunlovchi soʻzning muddati raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar (qoʻshimcha maʼruza bilan soʻzga chiqadiganlar) bilan kelishgan holda, qoida tariqasida, maʼruzalar uchun 30 minutga qadar, qoʻshimcha maʼruzalar uchun 20 minutga qadar va yakunlovchi soʻz uchun 15 minutga qadar muhlat bilan belgilanadi.
Muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga 10 minutga qadar vaqt beriladi. Muzokaralarda takroriy soʻzga chiqish uchun, shuningdek majlisning olib borilishi tartibi yuzasidan, ovoz berish sabablari boʻyicha, nomzodlar yuzasidan soʻzga chiqish, bayonotlar, savollar, takliflar, xabarlar va maʼlumotlar berish uchun 3 minutga qadar vaqt ajratiladi.
Raislik qiluvchi majlisda hozir boʻlgan senatorlarning koʻpchiligi roziligi bilan Senat majlisining kun tartibidagi masala muhokamasining umumiy muddatini, savol-javoblarga ajratiladigan vaqtni belgilashi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Senat majlislarida senator bitta masala yuzasidan muzokaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruza bilan soʻzga chiqqan shaxs muzokaralarni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin yakunlovchi soʻzga chiqish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiqqan senator soʻzlash uchun ajratilgan muddatdan koʻproq vaqt mobaynida gapirayotgan boʻlsa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan gapirmayotgan boʻlsa, Senat majlisida raislik qiluvchi bir marta ogohlantirganidan keyin uni soʻzlash huquqidan mahrum etadi.
