91-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasining qarorlari uning majlislarida ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ochiq ovoz berish nomma-nom boʻlishi mumkin.
Ovoz berish shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi, u yoki bu masala yuzasidan ovoz berish shakli va usuli Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovoz berish elektron tizimdan yoki yashirin ovoz berish byulletenlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovozlarni hisoblashda elektron tizimdan foydalanish ustidan nazoratni elektron tizimdan foydalanishni nazorat qiluvchi guruh amalga oshiradi.
Tartib-taomil masalalari boʻyicha ochiq nomma-nom, shuningdek yashirin ovoz berish oʻtkazilmaydi.
Tartib-taomil masalalariga:
Qonunchilik palatasi majlisining tanaffusi yoki majlisni boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisidagi;
soʻzlash uchun qoʻshimcha vaqt berish toʻgʻrisidagi;
qonun loyihasining mohiyati boʻyicha deputatlardan tushgan savollarga javob qaytarish uchun ajratiladigan vaqtning davomiyligi toʻgʻrisidagi;
majlisga taklif qilinganlarga soʻz berish toʻgʻrisidagi;
muhokama etilayotgan masala boʻyicha munozaralarni boshqa vaqtga koʻchirish yoki toʻxtatish toʻgʻrisidagi;
muayyan masalani tayyorlash uchun tegishli qoʻmita yoki komissiyaga topshirish toʻgʻrisidagi;
muhokamasiz ovoz berish toʻgʻrisidagi;
qonunchilik palatasining yopiq majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
ovoz berishni oʻtkazishning usulini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi;
soʻzga chiqish navbatini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi;
qoʻshimcha ravishda roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
ovozlarni qayta sanab chiqish toʻgʻrisidagi masalalar kiradi.
