83-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Maʼruzalar, qoʻshimcha maʼruzalar va yakunlovchi soʻz davomiyligi Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilar bilan kelishuvga koʻra, qoida tariqasida, maʼruza uchun — 30 daqiqagacha, qoʻshimcha maʼruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi soʻz uchun 15 daqiqagacha boʻlgan vaqt doirasida belgilanadi.
Munozaralarda soʻzga chiquvchi deputatlarga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Munozaralarda takroriy soʻzga chiqish uchun, shuningdek majlisni olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar boʻyicha soʻzga chiqish, bayonotlar, savollar, takliflar, xabarlar, maʼlumotlar uchun — 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Qonunchilik palatasi majlisida hozir boʻlgan deputatlar koʻpchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy davomiyligini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qoʻyishi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputat ayni bitta masala boʻyicha munozaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Munozaralarni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachi yakunlovchi soʻz olish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiquvchi soʻzlash uchun ajratilgan vaqtdan oʻtib ketsa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin soʻzlashdan mahrum qiladi.
