79-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasining majlisida soʻzga chiquvchi oʻz nutqida deputatlar va boshqa shaxslarning shaʼni hamda qadr-qimmatiga ziyon yetkazuvchi qoʻpol, kamsituvchi iboralar ishlatishga, kimnidir asossiz ravishda ayblashga, bila turib soxta axborotdan foydalanishga, noqonuniy xatti-harakatlarga daʼvat qilishga haqli emas. Soʻzga chiquvchi ushbu talablarni buzgan taqdirda, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi uni ogohlantiradi, talablar takroran buzilganda esa soʻzlashdan mahrum qiladi.
Agar Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi soʻzga chiquvchiga murojaat qilsa, u darhol oʻz nutqini toʻxtatishi kerak.
Agar soʻzga chiquvchining nutqi unga nisbatan taʼsir oʻtkazish chorasini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlmagan holda toʻxtatilgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uning soʻzlash vaqtini nutq qancha vaqtga toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa, shuncha muddatga uzaytiradi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi soʻzga chiquvchini unga ajratilgan vaqt davomida soʻzlashdan mahrum etishi mumkin emas, nutq mavzusidan chetga chiqish va ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni buzish hollari bundan mustasno.
