76-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
1) majlisning umumiy borishiga rahbarlik qiladi, ushbu Reglamentga rioya etilishini taʼminlaydi;
2) soʻz soʻralib, roʻyxatga olingan talabnomalarning tushish tartibiga koʻra, majlisning kun tartibiga, ushbu Reglamentning talablariga muvofiq yoki Qonunchilik palatasining qarori bilan belgilangan tartibda maʼruza uchun soʻz beradi;
3) Qonunchilik palatasi majlislarini olib borish masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasi qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
4) deputatlarning har bir taklifini ularning tushish tartibiga koʻra ovozga qoʻyadi;
5) ovoz berishni oʻtkazadi va uning natijalarini eʼlon qiladi;
6) kelishmovchiliklarga barham berish va boshqa masalalarni hal etish maqsadida fraksiyalar hamda deputatlar guruhlarining rahbarlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni tashkil etadi;
7) Qonunchilik palatasi devonining Qonunchilik palatasi majlislarining bayonnomalari va stenogrammalarini yuritish boʻyicha ishini nazorat qiladi, mazkur bayonnomalarni oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
deputat ushbu Reglament qoidalarini buzgan taqdirda, uni ogohlantirishga, takroran buzgan taqdirda uni kun boʻyi majlisda soʻzlashdan mahrum qilishga;
Qonunchilik palatasining ishiga xalaqit berayotgan taklif etilgan shaxslarni majlis zalidan chiqarib yuborishga haqli.
