64-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Quyidagilar birinchi navbatda kun tartibiga kiritiladi va Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, konstitutsiyaviy qonunlarning loyihalari, shuningdek konstitutsiyaviy qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan deb topilgan qonun loyihalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tasdiqlash uchun taqdim etilgan farmonlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunlar;
Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish va uni oʻtkazish sanasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror;
Davlat budjeti loyihasi, shuningdek ushbu Reglamentning 156-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holda Davlat budjetiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish va amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalari;
Qonunchilik palatasining Spikerini, uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalar raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash, shuningdek mansabdor shaxslarni saylash, tayinlash va tasdiqlash toʻgʻrisidagi boshqa masalalar;
Reglament loyihasi hamda Qonunchilik palatasining Reglamentga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarorlarining loyihalari.
Qonunchilik palatasining majlislarida Senat tomonidan rad etilgan qonunlar ham birinchi navbatda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining majlisida boshqa masalalar ham faqat Qonunchilik palatasining deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan birinchi navbatda koʻrib chiqilishi mumkin.
Qonun yoki ushbu Reglamentda Qonunchilik palatasining majlislarida koʻrib chiqish muddatlari belgilangan masalalar ana shu muddatlarga rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi lozim.
Qonunchilik palatasi majlisining KUN tartibi deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan Qonunchilik palatasi qarori bilan tasdiqlanadi.
