62-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida, qoida tariqasida, haftasiga uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
Qonunchilik palatasining navbatdagi sessiyalari, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab, kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri chaqiradi va ularda raislik qiladi. Qonunchilik palatasi majlislariga rahbarlikni amalga oshirishda raislik qiluvchi bilan birgalikda, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi Spikerining ikki nafar oʻrinbosari (ishchi Rayosati) Kengash tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq navbatma-navbat ishtirok etadi. Qonunchilik palatasi Spikeri majlisda hozir boʻlmaganda uning oʻrinbosarlaridan biri majlisda raislik qiladi.
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari, qoida tariqasida, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari oʻtkaziladi.
Kengash va deputatlar birlashmalarining majlislari, qoida tariqasida, dushanba kunlari oʻtkaziladi.
Qoʻmitalar, qoida tariqasida, juma kunlari majlis oʻtkazadi.
Noyabr, fevral va may oylarining oxirgi toʻliq haftasi deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun moʻljallanadi.
Qonunchilik palatasining majlislari vaqtida qoʻmitalar, komissiyalar, deputatlar birlashmalarining majlislari oʻtkazilmaydi, shuningdek deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan olib boradigan ishlari toʻxtatib turiladi.
