44-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qoʻmitalar:
1) oʻz tashabbusi bilan yoki Qonunchilik palatasining topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining hamda oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
2) qonun loyihalarining dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini va ularni Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;
3) qonunlarning loyihalari yuzasidan xulosalar beradi, qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish, uning ustida ishlashni davom ettirish yoki asoslantirilgan holda ularni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi (bundan buyon matnda Davlat budjeti loyihasi deb yuritiladi) yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
5) Qonunchilik palatasining topshirigʻiga yoki Kengashning tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki Qonunchilik palatasi vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan masʼul boʻladi;
6) kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillarini jalb etadi;
7) qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;
8) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlari loyihalari matniga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
9) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
10) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa qonun hujjatlari, qoʻmitalarning qarorlari ular tomonidan qanday bajarilayotgani haqidagi axborotlarini eshitadi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
