41-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qoʻmita raisi:
1) qoʻmita ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va qoʻmitaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
2) zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, qoʻmita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
3) qoʻmita aʼzolariga topshiriqlar beradi, ularga qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
4) kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlarining ishida qatnashish, shuningdek qoʻmitaning boshqa topshiriqlarini bajarish uchun qoʻmita aʼzolarini belgilaydi;
5) davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillarini qoʻmita ishida qatnashishga taklif etadi;
6) qonunchilik palatasi, Kengash majlislarida, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan boʻladigan munosabatlarda qoʻmita nomidan ish koʻradi;
7) qoʻmita qarorlarining bajarilishiga doir ishlarni tashkil etadi;
8) qonunchilik palatasiga, Kengashga va Qonunchilik palatasi Spikeriga ularning topshiriqlari bajarilishi yuzasidan axborot beradi;
9) qoʻmitaning qarorlari bajarilganligi va uning tavsiyalari koʻrib chiqilganligi haqida qoʻmita aʼzolariga axborot beradi;
10) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
