147-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarining, shuningdek masʼul qoʻmitaning ushbu takliflar va mulohazalar boʻyicha xulosasining muhokamasi tugaganidan keyin ana shu takliflar va mulohazalarni hisobga olgan holda qonunni qabul qilish yoki bundan buyon qayta koʻrib chiqmaslik toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalari qonun loyihasini yanada maromiga yetkazishni taqozo etsa, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining birinchi oʻqish tartib-taomilidan boshlab mazkur qonun ustidagi ishni davom ettirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini eʼtiborga olgan holda qabul qilingan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti takliflari va mulohazalarining muayyan qismi maʼqullangan taqdirda, qonunni qabul qilish keyinga qoldiriladi. Masʼul qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullangan takliflari va mulohazalarini hisobga olgan holda qonun matnini tayyorlash va qonunni Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun taqdim etish topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining loaqal bitta taklifi yoki mulohazasi rad etilgan taqdirda qonunni qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Masʼul qoʻmitaning taklifiga binoan qonunni Qonunchilik palatasi avval qabul qilgan tahririda maʼqullash toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilishi mumkin. Bunday holda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi va maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi qonunni bundan buyon koʻrib chiqmaslik toʻgʻrisida toʻxtamga kelsa, palata qaror qabul qiladi, ushbu qaror maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan Senatga yuboriladi.
