140-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Agar muayyan oʻzgartish Senatning kelishuv komissiyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan taklifi asosida ishlab chiqilgan qonun moddasining yangi tahriri bilan asoslangan boʻlsa, kelishuv komissiyasi qonunning Senat tomonidan eʼtiroz bildirilmagan ayrim moddalari tahririni oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan deputatlar va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Agar komissiyaning har bir palatadan saylangan aʼzolarining koʻpchiligi qarorni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qaror qabul qilingan hisoblanadi. Agar kelishuv komissiyasi tomonidan boshqacha tartib belgilanmasa, qaror ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasining majlisida bayonnoma yuritiladi. Zarurat boʻlganda, kelishuv komissiyasining qaroriga binoan uning majlisi stenogramma qilinadi.
Kelishuv komissiyasi oʻz ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Kelishuv komissiyasining xulosasi komissiya hamraislari tomonidan imzolanadi. Xulosaga qonunga doir oʻzgartish va qoʻshimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi qonunni qayta koʻrib chiqish sanasini belgilash uchun quyidagi hujjatlarni Kengash muhokamasiga kiritadi:
kelishuv komissiyasining xulosasi;
kelishuv komissiyasi majlisining bayonnomasi va qiyosiy jadval;
qonunga doir oʻzgartish va qoʻshimchalar loyihasi;
qonunning kelishuv komissiyasi taqdim etayotgan, kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi tomonidan tasdiqlangan tahriri.
