132-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganida masʼul qoʻmitaning vakili maʼruza bilan soʻzga chiqadi.
Maʼruzachi qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari toʻgʻrisida, kelib tushgan takliflar va ularni koʻrib chiqish natijalari haqida maʼlum qiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida masʼul qoʻmita maʼqullagan takliflar ham, maʼqullamagan takliflar ham muhokama qilinadi. Qonun loyihasi boʻyicha ovoz berish moddama-modda oʻtkaziladi.
Moddama-modda ovoz berish natijalari boʻyicha Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, qonun loyihasi maromiga yetkazish uchun masʼul qoʻmitaga qaytariladi. Maromiga yetkazilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qayta koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi loyihani ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi va bundan buyon koʻrib chiqilmaydi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
