130-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Masʼul qoʻmita qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash vaqtida tushgan takliflar hamda mulohazalarni oʻrganadi va umumlashtiradi, zarurat boʻlganda, qonun loyihasi boʻyicha tushgan takliflar va mulohazalarning mustaqil ekspertizasini tashkil etadi. Masʼul qoʻmita asosli deb topgan takliflar va mulohazalar qonun loyihasining matniga kiritiladi.
Agar masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqish uchun tayyorlash jarayonida loyihaning nomi oʻzgarsa, u qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangi nomda kiritiladi, uning dastlabki nomi esa yangi nomining ostida qavslar ichida keltiriladi.
Qonun loyihasi boʻyicha takliflar va mulohazalar masʼul qoʻmita majlisida koʻrib chiqiladi, majlis oʻtkaziladigan vaqt toʻgʻrisida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti, shuningdek koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasiga doir takliflar va mulohazalar kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari xabardor qilinadilar.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasiga oid takliflar va mulohazalarni koʻrib chiqib, ularni Qonunchilik palatasi qabul qilishi uchun masʼul qoʻmita tomonidan tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga, Qonunchilik palatasi tomonidan rad etish uchun tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga hamda qaror qabul qilinmagan takliflar va mulohazalar guruhiga ajratadi.
