128-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorida qonun loyihasiga doir tuzatishlarni taqdim etish muddati belgilanadi, bu muddat, qoida tariqasida, oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak. Agar deputatlarda qonun loyihasiga oid tuzatishlar berishning Qonunchilik palatasi qarori loyihasida belgilanganidan boshqacha muddatni belgilash toʻgʻrisida takliflar mavjud boʻlsa, qonun loyihasiga oid tuzatishlar berish muddati deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan qaror bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori besh kun ichida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
Qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan taqdirda Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi, ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyishi mumkin. Agar ushbu taklifga deputatlarda eʼtiroz boʻlsa, raislik qiluvchi ularning har biriga oʻz yondashuvlarini asoslash uchun 3 daqiqagacha vaqt beradi. Masʼul qoʻmita vakili har bir eʼtiroz boʻyicha masʼul qoʻmitaning fikrini bayon etishga yoki qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni qaytarib olishga haqli. Agar masʼul qoʻmita qonunni qabul qilish taklifini qaytarib olmasa, raislik qiluvchi, muhokama tugaganidan keyin ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyadi. Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi qonun qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan boʻlsa, u qabul qilingan hisoblanadi. Agar qaror qabul qilinmasa, qonun loyihasi ustidagi ish ushbu Reglamentda belgilangan tartibda davom ettiriladi.
