119-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (102-I-son) · Sana: 28.07.2005 · Kuchini yo'qotgan
Qonunchilik palatasi devonining yuridik boʻlimi Kengashning yoki masʼul qoʻmitaning topshirigʻiga binoan ular belgilagan muddat ichida Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasini tashkil etadi.
Qonunchilik palatasi devonining yuridik boʻlimi Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi natijalari asosida xulosa tayyorlaydi, xulosada quyidagi savollarga javoblar berilishi kerak:
qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqmi yoki nomuvofiqmi? Agar xulosada qonun loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga nomuvofiqligi aniqlangan boʻlsa, qonun loyihasining qaysi qonun hujjatiga nomuvofiqligi va bu nomuvofiqlik nimada aks etishi koʻrsatilishi kerak;
Qonun loyihasining ichki mantiqi buzilmaganmi, qonun loyihasining boʻlimlari, boblari, moddalari, shuningdek qismlari, bandlari, kichik bandlari va moddalarining xatboshilari oʻrtasida qarama-qarshiliklar yoʻqmi? Agar bunday qarama-qarshiliklar mavjud boʻlsa, ular aniq koʻrsatilishi, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berilishi kerak;
yangi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonun hujjatlarining toʻliq roʻyxati berilganmi?
Qonunchilik palatasi devoni yuridik boʻlimining xulosasi boʻlim rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan uning familiyasi va imzolash sanasi koʻrsatilgan holda imzolanishi kerak. Belgilangan muddatda xulosa berishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda bu muddat Qonunchilik palatasi devoni yuridik boʻlimining asoslantirilgan taklifiga binoan Kengash yoki masʼul qoʻmita tomonidan uzaytirilishi mumkin.
