Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va oldini olish davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (71-son)
03.04.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda — Davlat dasturi deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
2. Quyidagi ustuvor vazifalarni hal etish Davlat dasturining asosiy maqsadlari etib belgilansin:
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish;
avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlarni oʻz vaqtida oldini olish va oqibatlarini yumshatish;
aholini talab darajasida muhofaza qilinishini taʼminlash hamda iqtisodiyotning xavfli ishlab chiqarish obyektlari barqarorligini oshirish;
favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish, aholi xavfsizligini oshirish hamda toifalangan obyektlarni tabiiy va texnogen xususiyatli tahdidlardan muhofaza qilish sohasida boshqaruvni muvofiqlashtirishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish va mexanizmlarini rivojlantirish;
aholini axborot bilan taʼminlash va xabardor qilishning kompleks tizimini yaratish, zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari hamda ommaviy axborot texnik vositalarini qoʻllash negizida hayot faoliyati xavfsizligining ilmiy-uslubiy asoslarini amalga oshirish;
toifalangan obyektlarda favqulodda vaziyatlar xavfini prognoz qilish va ularning zarur darajada himoyalanganligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning asosiy elementlarini ishlab chiqish;
xavfli hodisalarni monitoring qilish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish;
favqulodda vaziyatlarda boshqaruv hamda tezkor harakat qilish usullarini takomillashtirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash tizimini takomillashtirish;
favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish muammolarini hal etishda tashkiliy-texnik, moliyaviy, moddiy va axborot resurslarini jamlash.
3. Vazirliklar va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari quyidagilarni taʼminlasin:
Davlat dasturining 1-ilovasida nazarda tutilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish;
maqsadli dasturlar bajarilishini nazorat qilish va doimiy monitoring olib borish;
Davlat dasturining 2-ilovasida keltirilgan maqsadli dasturlarda nazarda tutilgan asosiy tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 3-aprel,
71-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 3-apreldagi 71-son qaroriga 1-ILOVA
Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish boʻyicha
davlat dasturi
I. Umumiy qoidalar
Soʻnggi oʻn yil davomida Oʻzbekiston Respublikasida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) kuch va vositalari bilan amalga oshirilmoqda.
Shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun davlat hokimiyati organlarining, korxonalar va tashkilotlarning, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining fuqaro muhofazasi sohasidagi faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi amal qilmoqda. “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari qabul qilindi.
Fuqaro muhofazasi tuzilmalarining kuch va vositalarini mustahkamlash, boshqaruv organlarini tayyorlash va aholini oʻqitish borasidagi amalga oshirilgan ishlar soʻnggi yillarda favqulodda vaziyatlar yuz berganda qurbonlar sonini kamaytirish imkonini berdi. Biroq, avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlarga qarshi kurashish uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar tomonidan sezilarli saʼy-harakatlar va moliyaviy xarajatlarga qaramay, ularning taʼsiridan moddiy yoʻqotishlar kamaymayapti. Bu koʻp jihatdan, qoida tariqasida, roʻy bergan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha ishlar olib borilganligi bilan bogʻliq.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, tabiiy va texnogen xavflarni yuzaga kelishining oʻz vaqtida oldini olish va salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ustuvor amalga oshirish favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga nisbatan ancha tejamli va samarali hisoblanadi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish boʻyicha Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ishlab chiqildi.
Konsepsiya va Davlat dasturini ishlab chiqish boʻyicha ekspert guruhining ish rejasiga muvofiq bir qator vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan maqsadli dasturlar materiallari Davlat dasturi asosini tashkil etadi.
II. Davlat dasturining dolzarbligi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar (keyingi oʻrinlarda favqulodda vaziyatlar deb yuritiladi) xavfi yuqoriligi, ularning soni va oqibatlari koʻlamining oʻsish tendensiyasi saqlanib qolmoqda, bu esa aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish muammosining yangi yechimlarini izlashga, kelgusidagi tahdid va xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilishga, ularni prognoz qilish va oldini olish usullarini rivojlantirishga majbur qilmoqda.
Shu munosabat bilan soʻnggi paytlarda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimini yaratishning dastlabki bosqichi yakunlandi. Bu bosqichda, asosan, avariya, halokat va tabiiy ofatlardan jabr koʻrgan aholini qutqarish masalalari hal etildi. Biroq, FVDTning hozirgi holati va uning quyi tizimlarining rivojlanish darajasi shundayki, ular aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish muammosining kompleks yechimini hali toʻliq taʼminlay olmaydi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini rivojlantirishning navbatdagi bosqichining asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuzaga kelishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, shuningdek, odamlar sogʻligʻini saqlashga, moddiy yoʻqotishlarni va atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oldindan amalga oshirishdan iborat.
Ushbu bosqichdagi davlat siyosatining maqsadi, Davlat dasturiga muvofiq, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning kafolatlangan darajasini taʼminlash, mamlakatimizdagi fan va texnologiyalar yutuqlarini, shuningdek, ushbu sohadagi jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda ularning oqibatlarini yumshatish hisoblanadi.
Muammo idoralararo va mintaqalararo xususiyatga ega boʻlib, davlat darajasida kompleks yondashuvni, davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning hamda ular rahbarlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ular yuzaga kelgan taqdirda esa, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini uyushqoqlik bilan bartaraf etish uchun masʼuliyatini oshirishni talab qiladi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy qoidalarini amalda roʻyobga chiqarishning eng maqbul mexanizmi qator maqsadli dasturlar boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi.
III. Davlat dasturi doirasida bajariladigan maqsadli dasturlar va asosiy tadbirlar
Davlat dasturini amalga oshirish tabiiy va texnogen xususiyatdagi eng yirik miqyosdagi favqulodda vaziyatlar tahdid solayotgan aholi va obyektlarni muhofaza qilishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni bajarishni nazarda tutadi.
Davlat dasturi doirasida 1-ilovaga muvofiq oʻn bitta maqsadli dasturlarni bajarish nazarda tutilmoqda.
FVDT doirasida muvofiqlashtiriladigan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish sohasida yagona maqsadli boshqaruv tizimiga oʻtishni taʼminlaydi.
Barcha turdagi va ularning salbiy oqibatlari koʻlamidagi favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish Davlat dasturiga 2-ilovada nazarda tutilgan maqsadli dasturlarni bajarish boʻyicha asosiy tadbirlarni amalga oshirish orqali taʼminlanadi.
IV. Davlat dasturini resurslar bilan taʼminlash
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, tarmoqlar va obyektlarning barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash davlat dasturi doirasidagi maqsadli dasturlarni moliyalashtirish har bir darajada vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga ajratiladigan tegishli budjetlar (respublika va mahalliy budjetlar), mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda FVDTning funksional va hududiy quyi tizimlari tashkilotlariga Hukumat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratilishi mumkin.
V. Kutilayotgan natijalar
Davlat dasturini amalga oshirish doirasida xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar monitoringini va favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, xavfli jarayonlarni qamrab olish darajasi 70 foizgacha va kamida 0,75 — 0,80 ishonchlilik bilan amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturini amalga oshirish natijalari chuqur tahlil qilinishi, shuningdek, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq miqdor va sifat baholari berilishi lozim. Bunda amalga oshirish natijalari deganda quyidagilar tushuniladi:
favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni yumshatish yoki ularni bartaraf etish;
aholi xavfsizligi darajasini hamda oʻta muhim obyektlarning tabiiy va texnogen xususiyatdagi tahdidlardan muhofazalanganligini oshirish;
fuqaro muhofazasi tuzilmalari kuch va vositalarining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga tayyorligi.
Dasturdagi asosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish quyidagilarga imkon beradi:
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish muammolari va vazifalarini hal etish uchun maxsus moʻljallangan hamda jalb etiladigan boshqaruv organlari, kuch va vositalarning yanada maqbul va samarali tashkiliy tuzilmasini yaratish, shuningdek, ularning faoliyatini davlat tomonidan yanada samarali tartibga solinishini taʼminlash;
aholi xavfsizligi va oʻta muhim obyektlar muhofazalanganligining zarur darajasini taʼminlashi;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun kuch va vositalar faoliyati, favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlashtirish tizimi, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar zonalaridagi vaziyatni nazorat qilish samaradorligini oshirish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalarini samarali boshqarishni taʼminlash;
favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda axborot xavfsizligi darajasini oshirish.
Umuman olganda, Davlat dasturini amalga oshirish natijasida favqulodda vaziyatlar xavfini sezilarli darajada kamaytirish, aholi xavfsizligini hamda toifalangan obyektlarning tabiiy va texnogen xususiyatdagi tahdidlardan muhofazalanganligini taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish davlat dasturiga 1-ILOVA
Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish davlat dasturiga maqsadli
dasturlar
Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish davlat dasturiga 2-ILOVA
Favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish va ularning oldini olish davlat dasturining maqsadli dasturlarini bajarish boʻyicha
asosiy tadbirlar
