Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 15-yanvardagi OʻRQ-78-son Qonuni) (68-son)
02.04.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 15-yanvardagi OʻRQ-78-son Qonuniga muvofiq hamda mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan elektron ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 11-oktabrdagi 214-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 76-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-aprel,
68-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-apreldagi 68-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Ommaviy axborot vositasi deyilganda ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega boʻlgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan (bundan buyon matnda chiqariladigan deb yuritiladi) shakli hamda axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari tushuniladi”;
toʻrtinchi — yettinchi xatboshidagi “kino-, videodasturlar” soʻzlari “video-, kinoxronikal dasturlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi xatboshidagi “kino-, videodasturlar” soʻzlari “video-, kinoxronikal dasturlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi xatboshidagi “yuridik yoki jismoniy shaxs” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Ommaviy axborot vositalarini (mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno) davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun muassis yoki uning tomonidan vakil qilingan shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga 1-ilovaga muvofiq shaklda ariza beradi.
Mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun muassis yoki uning tomonidan vakil qilingan shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza beradi”.
3. 5-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Mahsulotlari global Internet tarmogʻi orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari uchun taʼsis hujjatlari taqdim etilishi shart emas”.
4. 6-banddagi “1-ilovaga” soʻzlari “3-ilovaga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. 9-bandning ikkinchi xatboshidagi “2-ilovaga” soʻzlari “4-ilovaga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 12-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. Ommaviy axborot vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish ommaviy axborot vositasi taʼsis hujjatlariga, shuningdek muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlarga, nomiga, tiliga, turiga, maqsad va vazifalariga hamda ommaviy axborot vositasi ixtisoslashuviga oʻzgartirish kiritilganda amalga oshiriladi. Qolgan hollarda muassis yoki tahririyat bir oy muddatda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni yozma ravishda xabardor qilishlari kerak”.
7. 17-banddagi “3-ilovaga” soʻzlari “5-ilovaga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. 23-bandda:
uchinchi va toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasa)ning oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun tiraji yuz nusxagacha boʻlgan davriy bosma nashrlari;
tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan oʻquv va ilmiy muassasa)ning binosi va (yoki) hududi bilan cheklangan kabel tarmoqlar orqali uzatiladigan tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, audiovizual xabarlar va materiallar”;
beshinchi xatboshidagi “oʻn nusxadan ortiq boʻlmagan tirajda yozilgan audio- va videodasturlar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
9. Quyidagi mazmundagi 1 va 2-ilovalar qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
1—3-ilovalar tegishli ravishda 3—5-ilovalar deb hisoblansin.
10. 3-ilovada:
“Ommaviy axborot vositasi turi” ustunidagi “kino-, videodasturlar” soʻzlari “video-, kinoxronikal dasturlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimi miqdori” ustunidagi “10” raqami “1” raqami bilan almashtirilsin.
