13-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muvaqqat reglamenti toʻgʻrisida (30-I-son) · Sana: 15.03.2005 · Amalda
Maʼruzalar, qoʻshimcha maʼruzalar va yakunlovchi soʻz davomiyligi Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar bilan kelishuvga koʻra, qoida tariqasida, maʼruza uchun — 30 daqiqagacha, qoʻshimcha maʼruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi soʻz uchun — 15 daqiqagacha boʻlgan vaqt doirasida belgilanadi.
Muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Muzokaralarda takroriy soʻzga chiqish uchun, shuningdek majlisni olib borish tartibi, ovoz berish masalalari, nomzodlar boʻyicha soʻzga chiqish, bayonotlar, savollar, takliflar, xabarlar, maʼlumotnomalar uchun 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Majlisda hozir boʻlgan deputatlar koʻpchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy davomiyligini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qoʻyishi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputat ayni bitta masala boʻyicha muzokaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Muzokaralarni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachi yakunlovchi soʻz olish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiquvchi soʻzlash uchun ajratilgan vaqtdan oʻtib ketsa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin soʻzlashdan mahrum qiladi.
