Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga auditorlik tashkilotlarini kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1668-son)
28.03.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 28-martda 1668-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga auditorlik tashkilotlarini kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-fevral,
01/12-18/03-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-fevral,
20-son
Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2007-yil 12-fevraldagi 01/12-18/03, 20-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga auditorlik tashkilotlarini kiritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-son “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-iyundagi 165-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq auditorlik tashkilotlarini ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga kiritish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) auditorlik tashkilotlarini kiritish uchun tanlov mazkur Nizom bilan belgilangan talablarga javob beruvchi va barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish yoki tashabbus tarzdagi va banklar, sugʻurta tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlaridan tashqari xoʻjalik yurituvchi subyektlarda majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan auditorlik tashkilotlarining arizalari asosida amalga oshiriladi.
2. Tanlovda ishtirok etish uchun talablar tanlovda ishtirok etadigan barcha auditorlik tashkilotlari uchun yagona hisoblanadi.
3. Tanlovda qatnashadigan auditorlik tashkilotlari har yili 1-fevraldan 25-fevralgacha Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) mazkur Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda ushbu Nizomning ilovasidagi shaklga muvofiq arizani taqdim etadi.
Belgilangan muddatda taqdim etilmagan ariza koʻrib chiqilmaydi.
II. Auditorlik tashkilotlarini tanlash mexanizmi
4. Auditorlik tashkilotlarining arizalarini koʻrib chiqish uchun Markaz va Moliya vazirligi xodimlaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuziladi. Ishchi guruhning tarkibi va ish reglamenti Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (bundan buyon matnda Davlat raqobat qoʻmitasi deb yuritiladi) va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Ishchi guruh har yili 1-martga qadar auditorlik tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan arizalarni koʻrib chiqadi, mazkur Nizom talablariga javob beruvchi auditorlik tashkilotlarini aniqlaydi va har yili Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadigan Roʻyxatni tuzadi.
6. Har yili tasdiqlanadigan auditorlik tashkilotlarining roʻyxati ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Davlat raqobat qoʻmitasi, Markaz va Moliya vazirligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
7. Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarning boshqaruv organlari auditorlik tashkilotini tanlov asosida tasdiqlangan Roʻyxatdan tanlab oladilar.
8. Roʻyxatga kiritilmagan yoki Roʻyxatga kiritilgandan keyin mazkur Nizom talablariga nomuvofiq boʻlgan auditorlik tashkilotlari tomonidan ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Auditorlik tashkiloti mazkur Nizom talablariga nomuvofiq boʻlgan hollarda auditorlik tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan paytdan boshlab 10 kunlik muddat ichida Markazga uni Roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisida ariza taqdim etadi.
10. Markaz va Moliya vazirligining monitoringi davomida auditorlik tashkilotining mazkur Nizom talablariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda ushbu auditorlik tashkiloti Roʻyxatdan chiqariladi va nomuvofiqlik aniqlangan kundan boshlab keyingi Roʻyxat tasdiqlanadigan kunga qadar takroran Roʻyxatga kiritish uchun ariza berish huquqiga ega boʻlmaydi.
11. Ishchi guruh xulosasiga koʻra auditorlik tashkilotini Roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi va ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Davlat raqobat qoʻmitasi, Markaz va Moliya vazirligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
III. Tanlovda ishtirok etish uchun auditorlik tashkilotlariga qoʻyiladigan talablar
12. Tanlovda ishtirok etish uchun auditorlik tashkilotiga quyiladigan talablar:
a) barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish yoki tashabbus tarzdagi va banklar, sugʻurta tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlaridan tashqari xoʻjalik yurituvchi subyektlarda majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaning mavjudligi;
b) auditorlik tashkiloti rahbari va shtatdagi auditorlarda amalda boʻlgan auditorlik sertifikatlarining (ariza berilgan paytda) mavjudligi;
v) auditorlik faoliyati sohasida kamida 2 yillik tajribaga ega boʻlishi;
g) auditorlik tashkilotida qimmatli qogʻozlar bozori sohasida malakaga ega boʻlgan kamida bitta mutaxassisning mavjudligi (malaka mazkur ixtisoslik boʻyicha maʼlumotga ega boʻlishi yoki qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi malaka attestatining mavjudligi yoki ushbu sohada ish tajribasiga ega boʻlishi bilan tasdiqlanadi);
d) auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisining mavjudligi;
e) 4-sonli auditorlik faoliyatining milliy standarti “Auditorlik tashkilotlarining ichki standartlariga qoʻyiladigan talablar”ga (roʻyxat raqami 1624, 2006-yil 25-sentabr) muvofiq ichki standartlarning mavjudligi.
IV. Tanlovda ishtirok etish uchun auditorlik tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar
13. Tanlovda ishtirok etish uchun auditorlik tashkiloti quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qimmatli qogʻozlar bozori ixtisosligi boʻyicha maʼlumoti toʻgʻrisida diplom nusxasi yoxud qimmatli qogʻozlar bozori sohasida malakaga ega ekanligini tasdiqlovchi mehnat daftarchasidan koʻchirma;
auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisining nusxasi;
auditorlik tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlangan ichki standartlar roʻyxati.
Ushbu hujjatlar bir nusxada taqdim etiladi. Auditorlik tashkilotidan mazkur Nizomda koʻrsatilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
131. Markaz mazkur Nizomning 12-bandi:
“a” va “b” kichik bandlarida koʻrsatilgan axborotlarni Moliya vazirligidan;
“g” kichik bandida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi malaka attestatining mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazidan belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi.
Ustav kapitalida davlat aksiyalari paketi (ulushlari) 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalarda tashqi auditni oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari roʻyxatiga auditorlik tashkilotlarini kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(ilova Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2017-yil 26-yanvardagi 01/09-26/49, 8-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1668-4, 07.02.2017-y.) asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2017-y., 6-son, 81-modda)
