2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablarini mebel, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlash dasturi toʻgʻrisida (493-son)
21.10.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2004—2009-yillarda Maktab taʼlimini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi toʻgʻrisida” 2004-yil 21-maydagi PF–3431-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, maktablarni davlat taʼlim standartlari talablariga javob beradigan mebel, oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, sport anjomlari va kompyuter texnikasi bilan jihozlashning yangi normativlari va mexanizmlariga oʻtish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda maktab mebeli va sport anjomlariga qoʻyiladigan yagona talablar, shuningdek davlat taʼlim standartlari bilan oʻzaro bogʻlangan umumtaʼlim maktablarini mebel va oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash normativlari ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 19-fevraldagi F—1910-son farmoyishi bilan tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqilgan 2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablarini mebel, zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlash dasturi (keyingi oʻrinlarda dastur deb ataladi) 1—3-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
Maxsus komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi taqdimnomasiga koʻra, zaruriyat boʻlganda, Dasturga oʻqitish vositalari ishlab chiqarishda ilmiy-texnika yutuqlarini, maktablarning qurilishi va mukammal rekonstruksiya qilinishi tugallanib amalda foydalanishga topshirilishini hisobga oluvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Umumtaʼlim maktablarini 2005-yilda mebel, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashning aniq dasturi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 4-ilova berilmaydi.
4. Budjetdan tashqari Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, belgilangan tartibda ajratiladigan xorijiy kreditlar va grantlar Dasturni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2005-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda koʻrsatib oʻtilgan Dasturni amalga oshirish uchun budjetdan tashqari Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 1—3-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan 2005—2009-yillarda umumtaʼlim maktablarini jihozlashning koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda har yili 1-oktabrgacha kelgusi yilda umumtaʼlim maktablarini mebel, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashning aniq dasturini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Maxsus komissiyaga taqdim etsin.
Har yillik aniq dasturlarni shakllantirishda har bir maktabning amalda moddiy-texnik taʼminlanganligi qatʼiy hisobga olinsin hamda maktab mebeli, oʻqitishning texnik vositalari, koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalari, laboratoriya asbob-uskunalari, priborlar, kompyuter texnikasi va sport anjomlari asossiz hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-oktabr,
493-son
