Quvayt Davlati bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (66-son)
11.02.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 19-20-yanvarda Quvayt Davlatiga rasmiy tashrifi davomida imzolangan bitimlar va erishilgan kelishuvlarni bajarish hamda ikki tomonlama hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va gumanitar sohalarda rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quvayt Davlati bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirish tadbirlari rejasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rasmiy tashrif davomida imzolangan bitim va hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan muntazam ravishda nazorat oʻrnatsinlar.
3. Quvayt Davlati hukumati hamda iqtisodiy sohada faoliyat koʻrsatayotgan jamgʻarmalar, iqtisodiy-moliyaviy muassasalar, hususan, Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari koʻzda tutilsin. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish Iqtisodiyot vazirligi (R.Azimov) va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi (E.Gʻaniyev) zimmasiga yuklansin.
4. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2004-yil 15-aprelgacha Tashqi ishlar vazirlari hamraisligida Quvayt tomoni bilan birgalikda hukumatlararo qoʻshma komissiyani tuzish toʻgʻrisida oʻzaro kelishuvga erishilsin. Qoʻshma komissiyaning Oʻzbekiston tomoni aʼzolarining roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2004-yil 1-iyulgacha Quvayt tomoni bilan birgalikda mazkur davlatda Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasini ochish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar hal etilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-fevral,
66-son
