5-modda. Deputatning tegishli hokimiyat vakillik organi bilan oʻzaro munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Deputat tegishli hokimiyat vakillik organining, bu organ tuzadigan qoʻmitalarning, komissiyalarning ishida faol ishtirok etishini taʼminlaydigan barcha huquqlarga toʻla-toʻkis egadir, u bu organlar oldida masʼuldir.
Hokimiyat vakillik organi deputatning oʻz ishi toʻgʻrisidagi, qabul qilingan qarorlar va oʻziga berilgan topshiriqlarni qanday bajarayotganligi haqidagi axborotlarini tinglashga haqli. Deputat oʻz vazifalarini bajarmagan, belgilab qoʻyilgan ish tartibini buzgan taqdirda uning xulqi toʻgʻrisidagi masala tegishli hokimiyat vakillik organi yoki uning topshirigʻiga koʻra boshqa organ yoxud komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
Hokimliklar deputatlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturlari qanday bajarilayotgani toʻgʻrisida, ularning tanqidiy mulohazalari va takliflari yuzasidan qabul qilingan choralar haqida xabardor qiladi, deputatlarning qonun hujjatlarini, hokimiyat vakillik organlarining ish tajribasini, jamoatchilik fikrini oʻrganishiga koʻmaklashadi va ularning ishiga zarur boshqa yordam beradi.
