Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va uning 1000-yilligini nishonlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (240-son)
01.11.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisida” 2004-yil 9-noyabrdagi 532-son qarori ijrosini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish masalasida mutasaddi tashkilotlar tomonidan yuzaki yondashuvga yoʻl qoʻyilayotganini qayd etish zarur.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm viloyati hokimligi, mutasaddi vazirliklar va tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorazm Maʼmun akademiyasini qaytadan tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 11-oktabrdagi PF–1880-son Farmonida belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilishini taʼminlay olmaganini taʼkidlash lozim.
Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan tadbirlarning muddatida bajarilmaganligi, yubiley munosabati bilan Xorazm Maʼmun akademiyasida olib borilayotgan qurilish ishlarining oʻz vaqtida tugallanmaganligi, amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlarining ilmiy saviyasi va sifati talab darajasida emasligi ushbu muhim tarixiy sananing mohiyati toʻla anglab yetilmaganini koʻrsatadi.
Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, uning 1000-yilligiga tayyorgarlik ishlarini yangi maʼno-mazmun bilan boyitish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan bajarilgan ishlar qoniqarsiz deb topilsin.
2. Fanlar akademiyasi Xorazm Maʼmun akademiyasining faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqishda quyidagi mintaqaviy mavzular va muammolarni oʻrganishni ustuvor yoʻnalishlar etib belgilasin:
Xorazmning qadimiy davlatchilik tarixi, betakror sivilizatsiyasi va madaniyatini oʻrganish;
bu koʻhna zaminda qadimdan rivojlanib kelgan boy ilmiy salohiyatning jahon fani va madaniyati taraqqiyotidagi oʻrni masalalarini tadqiq etish;
Xorazm meʼmoriy yodgorliklarini biologik, fizik va boshqa turli salbiy taʼsirlardan muhofaza qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
vohaning ekologik holati boʻyicha muntazam ilmiy kuzatishlar olib borish, uni yaxshilashga qaratilgan ilmiy tavsiya va ishlanmalar yaratish;
mavjud yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirishning samarali tizimini ishlab chiqish;
Xorazm vohasining tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini iqlimlashtirish orqali shoʻrlanish va choʻllanishning oldini olish masalalarini tadqiq etish.
Yuqorida qayd etilgan ustuvor yoʻnalishlarni eʼtiborga olgan holda bir oy muddatda Xorazm Maʼmun akademiyasining yangi tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va uning 1000-yilligini nishonlash doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar dasturi 1-ilovaga, Xorazm Maʼmun akademiyasi kompleksini taʼmirlash va obodonlashtirish bilan bogʻliq amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (B.Yoʻldoshev), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlariga mos loyihalarning 2006-yildan boshlab amalga oshiriladigan Davlat ilmiy-texnik dasturlar va Innovatsiya ishlari dasturlariga kiritilishini taʼminlasin.
Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda qurilish va obodonlashtirish ishlarni tasdiqlangan smeta loyihasiga asosan toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin;
Xorazm Maʼmun akademiyasining faoliyatini takomillashtirishga amaliy yordam koʻrsatsin va markaziy binosini zamonaviy ilmiy - tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur boʻlgan anjomlar bilan jihozlashga bogʻliq boʻlgan moliya mablagʻlarni, shu jumladan, xorijiy grantlarni jalb etish hisobiga taʼminlasin.
5. Xorazm viloyati hokimligiga:
yubiley obyektlaridagi qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish jadvalini tasdiqlash;
Xorazm Maʼmun akademiyasining markaziy binosini taʼmirlash, jihozlash va atrofini obodonlashtirish ishlarining 2006-yil 1-iyulga tugallanishini taʼminlash topshirilsin.
6. Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga qurilishlarni moliya mablagʻi bilan taʼminlash va Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini takomillashtirishga amaliy yordam koʻrsatish vazifasi yuklatilsin.
7. Xorazm viloyati hokimligi, Fanlar akademiyasi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi, “Ibn Sino”, “Oltin meros” jamgʻarmalari, ijodiy uyushmalar va ilmiy-ijodiy jamoatchilikning Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligini oʻtkazish tadbirlarining koʻlami kengligini va akademiya faoliyatini yanada takomillashtirishga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanganligini eʼtiborga olib hamda ushbu tarixiy sanani yuksak darajada keng nishonlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida qayd etilgan muddatni 2005-yil oktabr oyidan 2006-yil oktabr-noyabr oylariga koʻchirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi, Xorazm viloyati hokimligi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida, taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, sanʼatkorlar, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda, 2006-yilning oktabr-noyabr oylarida Xiva shahrida “Xorazm Maʼmun akademiyasi va uning jahon ilm-fani taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya va tantanali bayram tadbirlarini oʻtkazsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R.S.Qosimov va Xorazm viloyati hokimi I.O.Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 1-noyabr,
240-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-noyabrdagi 240-son qaroriga 1-ILOVA
Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va uning 1000-yilligini nishonlash doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar DASTURI
(jadval Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 1-noyabrdagi 240-son qaroriga 2-ILOVA
Xorazm Maʼmun akademiyasi kompleksini taʼmirlash va obodonlashtirish bilan bogʻliq amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha chora-tadbirlar REJASI
