“Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining universal-haydov traktorlari uzellari va detallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (46-son)
09.03.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasining “OʻzKeysTraktor” qoʻshma korxonasi tomonidan “Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining traktorlar balansirovkasi va xavfsizligi tizimini, shuningdek qishloq xoʻjaligi asbob-uskunalari bilan agregatlash uchun osma va tirkama asbob-uskunalar tizimini ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan.
Shu bilan birga, butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni amalga oshirishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari salohiyatidan toʻliq darajada foydalanilmadi.
Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini, shu jumladan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlovchi ishtirokchi korxonalar sonini kengaytirish yoʻli bilan yanada maqbullashtirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2006—2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi toʻgʻrisida” 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 13-avgustdagi 391-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, 2008-yilda mahalliylashtirish darajasini 34 foizgacha yetkazishni taʼminlaydigan “Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining universal-haydov traktorlari uzellari va detallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. “Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining universal-haydov traktorlari uzellari va detallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha tadbirlarning bajarilishini soʻzsiz taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi zimmasiga yuklansin.
3. Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha Maxsus komissiyaning:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori bilan maʼqullangan Tayyor mahsulot turlari, materiallar va xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxatiga “Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining universal-haydov traktorlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihani kiritish yoʻli bilan 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi;
2007-yil uchun belgilangan mahalliylashtirish darajasi bajarilgan taqdirda 2008-yilda koʻrsatib oʻtilgan loyiha muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori 2-bandiga muvofiq “OʻzKeysTraktor” va “OʻzKeysMash” qoʻshma korxonalariga 2009-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. “OʻzKeysTraktor” va “OʻzKeysMash” qoʻshma korxonalarining 2007-2008-yillarda “Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining 250 ta universal-haydov traktorini, shuningdek 180 ta “Keys-1200” pnevmatik universal seyalkani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori bilan berilgan soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar summasi doirasida kamaytirilgan amaldagi qiymatidan past narx boʻyicha sotish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. “OʻzKeysTraktor” va “OʻzKeysMash” qoʻshma korxonalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori doirasida soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish natijasida boʻshaydigan mablagʻlarni ushbu qarorning 5-bandida koʻrsatilgan mahsulotlarning amaldagi qiymati va ularni sotish narxi oʻrtasidagi tafovutlarni qoplash uchun yoʻnaltirishiga ruxsat etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-mart,
46-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 9-martdagi 46-son qaroriga 1-ILOVA
“Keys Nyu-Xolland” kompaniyasining universal-haydov traktorlari uzellari va detallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha tadbirlar
* Tayyorlovchilar mahsulotning narx va sifat tavsiflariga qarab oʻzgarishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 9-martdagi 46-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ-386-son qarori bilan maʼqullangan Tayyor mahsulot turlari, materiallar va xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxatiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
Roʻyxatga quyidagi mazmundagi 10-1-pozitsiya qoʻshilsin:
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 9-10-son, 87-modda)
