Mikromoliyaviy xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (37-son)
19.02.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mikromoliyaviy xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish, mikrokredit tashkilotlarining faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar berish mexanizmini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq respublika hududida mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
2007-yil 1-apreldan boshlab respublika hududida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli litsenziyasisiz mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishi huquqiga ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgoridan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ariza berilgan kunda qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi;
mikrokredit tashkilotlari faoliyati amalga oshirilishi huquqiga litsenziya berilganligi uchun “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
respublikada roʻyxatdan oʻtkazilgan va mikrokredit tashkilotlari faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslarni xatlovdan oʻtkazishni 2007-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda tugallasin va ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli litsenziya bersin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda mintaqalar boʻyicha maqsadli yoʻnalishlarni nazarda tutadigan 2007-2008-yillarda mikrokredit tashkilotlari tarmogʻini barpo etish va kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarga mikrokredit tashkilotlariga soliq solish xususiyatlarini aniqlashtirish yuzasidan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-fevral,
37-son
