Oʻz faoliyatini yuridik shaxsni tashkil etmasdan amalga oshiruvchi xususiy tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklarini tijorat banklari tomonidan milliy va xorijiy valyutalarda mikrokreditlash tartibiga oʻzgartirishlar kiritish haqida (902-5-son)
06.05.2006
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 6-mayda 902-5-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Oʻz faoliyatini yuridik shaxsni tashkil etmasdan amalga oshiruvchi xususiy tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklarini tijorat banklari tomonidan milliy va xorijiy valyutalarda mikrokreditlash tartibi”ga (2000-yil 29-fevral, roʻyxat raqami 902 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2000-yil 4-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 20-aprel,
10/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2006-yil 20-apreldagi 10/3-sonli qaroriga ILOVA
Oʻz faoliyatini yuridik shaxsni tashkil etmasdan amalga oshiruvchi xususiy tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklarini tijorat banklari tomonidan milliy va xorijiy valyutalarda mikrokreditlash tartibiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Tartibning 2.2-bandi oxirgi xatboshisi chiqarib tashlansin.
2. 2.5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2.5. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan yozma shakldagi 3 (uch) nusxada kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarzdor imzolaridan keyin, bank tomonidan mazkur kafillik qabul qilinganligi toʻgʻrisida bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qoʻyilgan yozuv kiritiladi.”
