Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish kiritish haqida (1047-3-son)
06.05.2006
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANK BOShQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 6-mayda 1047-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
“Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga 3-son oʻzgartirishni koʻrib chiqib va muhokama qilib, Boshqaruv qaror qiladi:
1. Markaziy bank Boshqaruvining 2001-yil 23-iyundagi 14/13-sonli qarori bilan tasdiqlangan 492-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga (2001-yil 9-iyul, roʻyxat raqami 1047) 3-son oʻzgartirish ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 20-aprel,
10/10-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2006-yil 20-apreldagi 10/10-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklarda elektron axborotlarni muhofazalashni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish
1. Muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi hamda “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq banklararo elektron toʻlov tizimi orqali oʻtadigan axborotlarni muhofazalashni taʼminlash tartibini belgilaydi.”.
2. 4-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Axborotdan axborot mulkdorining ruxsatisiz foydalanishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.”.
