6-modda. Fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasiga umumiy rahbarlikni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri mamlakat fuqaro muhofazasining boshligʻidir.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasiga yuklanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hududlarida fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilishni tegishincha lavozimiga koʻra fuqaro muhofazasining boshligʻi boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari amalga oshiradilar.
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilishni ularning lavozimiga koʻra mazkur organlar va tashkilotlar fuqaro muhofazasining boshligʻi boʻlgan rahbarlari amalga oshiradilar.
Fuqaro muhofazasi boshligʻi oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
fuqaro muhofazasining tegishli rejalarini amalga joriy etish;
aholini, moddiy va madaniy boyliklarni xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
fuqaro muhofazasi boʻyicha direktivalar, buyruqlar, qarorlar va farmoyishlar chiqarish;
oʻz tasarrufidagi hududlar hamda tashkilotlarning kuchlari va vositalarini fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlarni oʻtkazishga jalb etish;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Fuqaro muhofazasi boshliqlarining aholini va hududlarni muhofaza qilish masalalari boʻyicha direktivalari, buyruqlari, qarorlari va farmoyishlari barcha tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarilishi majburiydir.
Aholini va hududlarni zamonaviy qirgʻin vositalari qoʻllanilishi oqibatlaridan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlarni amalga oshirishga oid harakatlarni muvofiqlashtirish tegishli hududlar, tarmoqlar va tashkilotlarning fuqaro muhofazasi boshliqlari zimmasiga yuklanadi.
