23-modda. Fuqaro muhofazasi obyektlari va mol-mulki
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Fuqaro muhofazasi obyektlari va mol-mulki jumlasiga quyidagilar kiradi:
davlat hokimiyati organlarining va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining himoya inshootlari hamda yer usti binolari kompleksiga ega boʻlgan boshqaruv punktlari;
fuqaro muhofazasining alohida va tutash qurilgan himoyalanish, radiatsiyadan saqlanish joylari;
mol-mulk va texnika saqlanadigan omborxona binolari;
yakka muhofazalanish vositalari, radiatsion, kimyoviy qidiruv va dozimetrik nazorat priborlari;
aloqa va xabar berish vositalari;
davlat mulki boʻlgan, shuningdek fuqaro muhofazasi maqsadida foydalanish uchun tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga yaratilgan yoki sotib olingan boshqa moddiy-texnika vositalari.
Fuqaro muhofazasi tadbirlarini taʼminlash uchun davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar tomonidan fuqaro muhofazasi mol-mulki zaxiralari yaratiladi.
Tashkilotlarning boshqaruv tarkibiy tuzilmalari va xoʻjalik yuritish faoliyati shakllari oʻzgargan taqdirda, ular zimmasida fuqaro muhofazasi obyektlari va mol-mulkidan belgilangan maqsadda foydalanish, shuningdek bunday obyektlar hamda mol-mulklarni hosil etish va toʻplash topshiriqlari qolaveradi.
Fuqaro muhofazasi obyektlarini barpo etish va mol-mulkidan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent shahri,
2000-yil 26-may,
80-II-son
