9-modda. Ijaraga berish chogʻida mulkchilik
Ijara toʻgʻrisida (427-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
Mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga oʻtkazilishiga olib kelmaydi.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mulkdan foydalanib tayyorlangan mahsulot va olingan daromad, shuningdek ijaraga olingan mol-mulk orqasidan orttirilgan foyda (daromad) evaziga sotib olingan mol-mulk ijarachiga tegishlidir.
Ijarachining ijaraga olingan yer uchastkasida oʻz mablagʻlari va qarzga olgan mablagʻlari hisobidan qurilishning umumiy qoidalariga rioya qilgan holda zarur ishlab chiqarish va noishlab chiqarish binolari, shu jumladan uy-joy qurish huquqi shartnomada koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Ayni paytda ijara shartnomasi tugatilgach, mazkur binolar va inshootlar kimga tegishli boʻlishi qayd etib qoʻyilishi kerak.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ijozati bilan ijarachining mablagʻlariga qurilgan, boshqa joyga koʻchirish mumkin boʻlmagan binolar va inshootlar, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga beruvchiga tegishli boʻladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilinganda ijarachi ularning qiymatini ijaraga beruvchidan qaytarib olishga haqlidir.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ruxsatisiz ijarachi mablagʻiga qurilgan binolar va inshootlar, basharti ularni koʻchirish mumkin boʻlmasa, ijaraga beruvchiga tegishlidir. Agar ijaraga beruvchi ularni buzib tashlashni talab qilsa, ijarachi ularni oʻz hisobidan buzib tashlashga yoki ularni buzib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga majburdir.
Ijaraga olingan korxonaning mol-mulkida korxona mehnat jamoasining aʼzolari, shu mol-mulkni vujudga keltirish uchun oʻz shaxsiy mehnati bilan, shuningdek pul va boshqa mulkiy badallar bilan qoʻshadigan ulushning miqdori korxona ustavida koʻzda tutilgan shartlar va tartib asosida belgilab qoʻyiladi.
Ijaraga olingan korxona mol-mulkiga mehnat jamoasining aʼzosi qoʻshgan ulushning qiymati boʻyicha korxonaning ustaviga muvofiq qimmatli qogʻozlar berilishi mumkin. Mazkur qimmatli qogʻozlarga mehnat jamoasi ishlab chiqarishning pirovard natijalariga va korxonani rivojlantirish vazifalariga qarab belgilaydigan miqdorda dividendlar toʻlanadi. Qimmatli qogʻozlarning haqiqiy qiymati qogʻoz egalariga korxona ustavida nazarda tutilgan hollarda toʻlanadi.
Korxona ustavida u bilan mehnat munosabatlarini tugatgan mehnat jamoasi aʼzolariga dividendlar toʻlash tartibi va shartlari belgilab qoʻyiladi.
