11-modda. Ijaraga olingan mulkni yaxshilash
Ijara toʻgʻrisida (427-XII-son) · Sana: 19.11.1991 · Amalda
Ijarachi, basharti shartnomada oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan oʻzgartishlarni mustaqil ravishda kiritish, mol-mulkni rekonstruksiyalash, kengaytirish, texnik jihatdan qayta qurollantirishga haqlidir.
Ijaraga olingan mol-mulk, basharti, ijaraga beruvchining ijozati bilan yaxshilangan boʻlib, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlari qaytarilishini talab qilish huquqiga egadir.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlar, agar ularni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmasa, shartnomaning amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ijaraga beruvchiga tekinga oʻtadi.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlarni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa, ijaraga beruvchi ularning tannarxini toʻlashga rozi boʻlmasa, bunday holda ijarachi ularni oʻziga olishi mumkin.
