Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan yuksak natijalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1657-son)
08.02.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 8-fevralda 1657-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-dekabrdagi “Osiyo va Parosiyo oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash toʻgʻrisida”gi PF-3832-sonli Farmoniga muvofiq qaror qilamiz:
1. Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan yuksak natijalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-yanvar,
2-son
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-yanvar,
285-V-son
Madaniyat va sport ishlari vaziri R. QURBONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-yanvar,
01-10-14-son
Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvi va Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2007-yil 5-yanvardagi 2, 285-V va 01-10-14 son qarori bilan TASDIQLANGAN
Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan yuksak natijalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-dekabrdagi “Osiyo va Parosiyo oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash toʻgʻrisida”gi PF-3832-sonli Farmoniga muvofiq Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medalini olgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga pul mukofotlarini toʻlash tartibini belgilaydi.
1. Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medal olgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari quyidagi miqdorlarda bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadilar:
oltin medal — 5000 AQSH dollari;
kumush medal — 3000 AQSH dollari;
bronza medal — 2000 AQSH dollari.
2. Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medal olgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilariga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini berish bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjetidan amalga oshiriladi.
3. Koʻrsatilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan navbatdagi moliyaviy yil uchun Davlat budjeti xarajatlarini tasdiqlashda koʻzda tutiladi.
4. Budjet mablagʻlarini ajratish, ularni erkin muomaladagi valyutaga ayirboshlash va biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi asosida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sport vazirligiga banklararo savdo sessiyasidan valyuta mablagʻlari xarid qilishi uchun milliy valyutada mablagʻ oʻtkazadi.
Sport vazirligi milliy valyutada ajratilgan mablagʻni erkin muomaladagi valyuta xarid qilish uchun oʻrnatilgan tartibda vakolatli bankka oʻtkazib beradi.
6. Vakolatli bank banklararo savdo sessiyasida valyuta mablagʻlarini xarid qiladi va Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medal olgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarining depozit valyuta hisob raqamlariga muvofiq ravishda oʻtkazib beradi.
7. Osiyo va Parosiyo oʻyinlarida oltin, kumush va bronza medalini olgan Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarini kelgusida taqdirlash uchun vakolatli bank Sport vazirligi oʻrnatilgan tartibda omonat daftarchalarini taqdim qiladi.
8. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan kelishilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisi S. RAXIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-yanvar
