47-modda. Pensiyalar tayinlash muddatlari
Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida (938-XII-son) · Sana: 03.09.1993 · Amalda
Pensiyalar:
a) yoshga doir pensiya — agar pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab oltmish kun ichida uni soʻrab murojaat etilgan boʻlsa, pensiya yoshiga toʻlgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya umrbod tayinlanadi;
b) nogironlik pensiyasi — agar nogironlik belgilangan kundan eʼtiboran oltmish kundan kechiktirmay pensiya soʻrab murojaat etilgan boʻlsa, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari nogironlikni belgilagan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya butun nogironlik davri uchun tayinlanadi. Nogironligi boʻlgan 60 yoshdan oshgan erkaklarga va 55 yoshdan oshgan ayollarga — nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi. Ushbu nogironligi boʻlgan shaxslarni qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi;
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi — pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab, lekin pensiya tayinlanishi uchun murojaat etishdan oldingi 6 oydan oshmagan muddatdan eʼtiboran tayinlanadi. Pensiya ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq marhumning oila aʼzosi mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblangan butun davr uchun, oilaning: erkaklar — 60 yoshga, ayollar — 55 yoshga toʻlgan aʼzolari uchun esa — umrbod tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin pensiya tayinlashni soʻrab bir oy ichida murojaat qilgan boʻlsa, ularga pensiya uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Boshqa barcha hollarda pensiya murojaat etilgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.
Ushbu Qonun 431-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, pensiya pensiya yoshiga yetgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ushbu Qonunning 431-moddasiga asosan tayinlangan pensiyani rad etgan fuqaro pensiya tayinlashni soʻrab takroran murojaat qilganda pensiya tayinlash muddati ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
Bir pensiyadan boshqasiga oʻtkazish pensioner tegishli ariza va barcha zarur hujjatlar bilan murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan eʼtiboran amalga oshiriladi.
