11-modda. Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi
Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida (938-XII-son) · Sana: 03.09.1993 · Amalda
Oxirgi ish joyidan qatʼi nazar, quyidagilar ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega boʻladilar:
a) yerosti ishlarida, mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda toʻliq ish kuni davomida band boʻlgan xodimlar (2-sonli roʻyxat, I qism):
erkaklar — ish staji kamida 20 yil boʻlib, bundan kamida 10 yili koʻrsatib oʻtilgan ishlarga toʻgʻri kelgan taqdirda;
ayollar — ish staji kamida 15 yil boʻlib, bundan kamida 7 yilu 6 oyi koʻrsatib oʻtilgan ishlarga toʻgʻri kelgan taqdirda.
Yer osti ishlaridagi mehnat staji erkaklarda 10 yildan kam va ayollarda 7 yilu 6 oydan kam boʻlgan hollarda xodimlarga bu ishlardagi har bir toʻliq yil uchun ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshi 1 yilga qisqartiriladi.
Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda — erkaklar kamida 5 yil, ayollar kamida 3 yil 9 oy — ishlagan xodimlarga pensiya ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshi shunday ishda band boʻlingan har bir toʻliq yil uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi;
b) sirklar va konsert tashkilotlari artistlarining ayrim toifalari ijodiy ishdagi staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda (2-sonli roʻyxat, II qism).
