8-modda. Davlat veterinariya inspektorlarining vakolatlari
Veterinariya toʻgʻrisida (935-XII-son) · Sana: 03.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari hamda davlat veterinariya inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida:
vazirliklar, idoralar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek alohida shaxslarga zarur veterinariya-sanitariya tadbirlar va epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy koʻrsatmalar beradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya bosh boshqarmasi belgilaydigan roʻyxatdagi oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga chalingan hayvonlar aniqlangan taqdirda bu hayvonlarni soʻyish yoki yoʻq qilib tashlash toʻgʻrisida, shuningdek isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni yoʻq qilib tashlash, ishlovdan oʻtkazish yoki oʻzga tarzda foydalanish toʻgʻrisida barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va alohida shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradilar;
veterinariya nazorati ostidagi obyektlarga kecha-kunduzning istalgan paytida bemalol, moneʼliksiz kiradilar va veterinariya qonunlarining buzilganligi hollarini bartaraf etish xususida hamma uchun majburiy koʻrsatmalar beradilar;
holati veterinariya-sanitariya jihatidan qoniqarsiz yoki mollar sogʻligʻiga, shuningdek mahsulotlar sifatiga zararli taʼsir koʻrsatish xavfi boʻlgan temir yoʻl vagonlari, kemalar, samolyotlar va boshqa transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydilar;
chorvachilik obyektlari, goʻsht va sut sanoati korxonalaridan, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni qayta ishlaydigan hamda saqlaydigan korxonalarning hayvonlarning yuqumli kasalliklari jihatidan nobopligi yoki veterinariya-sanitariya holati qoniqarsizligi aniqlanganda ulardan foydalanishni taqiqlaydilar;
hayvonlar gigiyenasi normalari va veterinariya-sanitariya qoidalarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilgunga qadar chorvachilik fermalarida, hayvonotga mansub mahsulotlar va xomashyoni ishlovdan oʻtkazish hamda saqlash korxonalarida ishlab chiqarish binolari va inshootlari qurilishini, qayta qurilishini, yangi qurilgan, tiklangan va qayta qurilgan obyektlarning foydalanishga topshirilishini toʻxtatib qoʻyadilar;
ushbu Qonunni, hayvonlar karantini qoidalarini, boshqa veterinariya-sanitariya talablarini buzganlik uchun mansabdor va oʻzga shaxslarga belgilangan tartibga muvofiq maʼmuriy jazo beradilar;
hayvonlarning egalari, hayvonotga mansub mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va sotish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek fuqarolar va veterinariya mutaxassislari ushbu Qonun, qonun asosida chiqarilgan hujjatlar va veterinariyaning boshqa talablarini bajarishlari ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
