4-modda. Veterinariyaning tuzilishi
Veterinariya toʻgʻrisida (935-XII-son) · Sana: 03.09.1993 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasida davlat veterinariyasi, idoraviy va xususiy veterinariyalar amal qiladi.
Davlat veterinariya xizmatini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahrining davlat veterinariya boshqarmalari, tumanlar, viloyat va tuman boʻysunuvidagi shaharlarning davlat veterinariya boʻlimlari, ularning qaramogʻidagi hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash stansiyalari (tuman veterinariya stansiyalari), diagnostika markazlari, veterinariya shifoxonalari, laboratoriyalari, ekspeditsiyalari, hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash otryadlari, bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari va davlat veterinariya tarmogʻining boshqa tashkilot va muassasalari amalga oshiradilar.
Joylardagi davlat va idoraviy veterinariya boʻlinmalarining tuzilishi va miqdori chorvachilikning rivojlanish xususiyatlarini, qushxona va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarining joylashtirilishini hisobga olgan holda shakllantiriladi hamda bosh davlat veterinariya nozirlari bilan kelishilgan holda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi.
Davlat va idoraviy veterinariya xizmati muassasalari qoshida qonunlarga muvofiq shartnoma asosida veterinariya xizmati koʻrsatadigan qoʻshma korxonalar, kooperativlar va boshqa xoʻjalik hisobidagi birlashmalar tuzilishi mumkin.
