8-modda. Veksel
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Veksel beruvchining yoxud vekselda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani toʻlash yuzasidan qatʼiy majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qogʻoz veksel hisoblanadi.
Veksellar oddiy va yuboriladigan veksellarga boʻlinadi.
Veksel beruvchining muayyan summadagi pulni veksel oluvchiga yoxud uning buyrugʻiga binoan belgilangan muddatda yoki uning talabiga koʻra toʻlashdan iborat qatʼiy majburiyatini oʻz ichiga olgan hujjat oddiy veksel hisoblanadi.
Veksel oluvchining muayyan summadagi pulni oluvchiga yoxud uning buyrugʻiga binoan boshqa shaxsga belgilangan muddatda yoki uning talabiga koʻra toʻlash toʻgʻrisidagi qatiy buyrugʻidan iborat toʻlovchiga qaratilgan hujjat yuboriladigan veksel hisoblanadi. Bunda toʻlovchi veksel boʻyicha belgilangan muddatda toʻlovlarni amalga oshirishga (akseptni bajarishga) roziligini yozma ravishda tasdiqlashi shart.
Veksellarni (xazina veksellaridan tashqari) chiqarish, roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari, ularni chiqarish va muomalada yuritish shartlarini Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilaydi. Xazina veksellarini chiqarish va muomalada yuritish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi.
Veksel oluvchining soliqlar boʻyicha va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjetdan qarzi mavjud boʻlsa, u faqat pul mablagʻlarini olish tarzida vekselning haqini toʻlashga kirishadi va budjet bilan hisob-kitob qilib boʻlgach, qolgan summani boshqa hisob-kitoblarga sarflashi mumkin.
