3-modda. Qimmatli qogʻozlarning turlari
Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida (918-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Ushbu Qonun qimmatli qogʻozlarning quyidagi turlariga amal qiladi:
aksiyalar;
obligatsiyalar;
xazina majburiyatlari;
qimmatli qogʻozlarning hosilalari;
depozit sertifikatlari;
veksellar.
Aksiyalar, obligatsiyalar, xazina majburiyatlari va qimmatli qogʻozlar hosilalarining rekvizitlari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan, depozit sertifikatlari va veksellarning rekvizitlari esa, — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Qimmatli qogʻozlar egasi yozilgan va taqdim etuvchiga tegishli boʻlishi mumkin.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun emitent (qimmatli qogʻozni chiqaruvchi) tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan qimmatli qogʻozlar borasida kasb faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilot tomonidan egasining nomini qayd etish zarur boʻlsagina, egasi yozilgan boʻladi. Egasi yozilgan qimmatli qogʻozni bir mulkdordan ikkinchisiga berish hisob-kitobdagi tegishli yozuvlarni oʻzgartirishda aks etadi.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun qimmatli qogʻozni taqdim etishning oʻzi yetarli boʻlsa, taqdim etuvchiga tegishli hujjatlar deb hisoblanadi. Taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar erkin muomalada boʻladi.
