211-modda. Hokimlarning vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida (913-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Viloyat, tuman, shahar hokimi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini ijro etadi;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquqlarini himoya qilish va sogʻligʻini muhofaza qilish bilan bogʻliq chora-tadbirlar koʻradi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda ishlarni tashkil etadi;
viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar hamda shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini budjet soʻrovini tuzish uchun koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
viloyat, tuman, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy budjetining, tuman va shahar budjetining tegishli loyihasini, shuningdek uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni xalq deputatlari Kengashiga taqdim etadi;
xalq deputatlari Kengashlari sessiyalariga koʻrib chiqish uchun masalalar kiritadi, zarur hollarda Kengash sessiyasini chaqirish toʻgʻrisida Kengashga taklif kiritadi;
xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida ishtirok etadi;
tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi;
oʻz oʻrinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorlarni xalq deputatlari Kengashining tasdigʻiga taqdim etadi;
hokimlik apparati boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini (bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning yuzaga kelishi uchun asos boʻlgan qarorlar mustasno), agar ular Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashining va hokimning qarorlariga zid boʻlsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi;
