4-modda.
Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida (1051-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari saylash va saylanish huquqiga egadirlar.
Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Har bir fuqaro-saylovchi bir ovozga ega.
Oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan hamda bevosita saylovgacha kamida oʻn yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanish huquqiga ega.
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga egadirlar.
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga saylanish huquqiga egadirlar.
Saylov kuni yigirma bir yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hokimiyatning mahalliy vakillik organlariga saylanish huquqiga egadirlar.
