Futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining faoliyatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (23-son)
31.01.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtidorli yoshlarni sportga jalb etish, ishonchli zaxirani shakllantirish hamda bolalar-oʻsmirlar futbolini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, yosh futbolchilarning mahorati oshishini va sport sohasidagi yutuqlari koʻpayishini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini, ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda, oliy liganing ilovaga muvofiq 16 ta professional klublari ixtiyoriga bir oy muddatda, belgilangan tartibda oʻtkazsin.
Belgilab qoʻyilsinki, professional klub tugatilgan taqdirda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, keyinchalik uni boshqa professional futbol klubiga bergan holda Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi ixtiyoriga belgilangan tartibda beriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda muntazam ravishda oliy va birinchi liga oʻyinlaridan oldin bolalar va oʻsmirlar jamoalari oʻrtasida futbol uchrashuvlarini oʻtkazsin. Har yili har bir sport mavsumi yakunlariga koʻra eng yaxshi futbolchilarni va futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari bilan ishlaydigan eng yaxshi trenerlarni aniqlasin;
bir oy muddatda:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda professional futbol klublari huzuridagi futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyatiga oid normativ hujjatlarni;
Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari uchun Yagona oʻquv dasturini;
Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining moddiy-texnika bazasiga talablarni, ushbu maktablar jamoalari oʻrtasida respublika musobaqalarini oʻtkazish tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha maqsadli dasturni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
respublikaning barcha sport bazalarida futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablariga oʻquv-trenirovka mashgʻulotlari va musobaqalar oʻtkazish uchun sport inshootlarini imtiyozli asosda, ijara toʻlovi undirmasdan bersinlar.
4. Oʻzbekiston futbolni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining:
futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari sportchilari va trenerlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida futbol grantlari;
“Futbol boʻyicha eng yaxshi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi”, “Futbol boʻyicha yilning eng yaxshi bolalar treneri” va “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” nominatsiyalari boʻyicha har yilgi mukofot taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 31-yanvar,
23-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-yanvardagi 23-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oliy liga professional futbol klublariga berilayotgan futbol boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari roʻyxati
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 4 — 6-son, 44-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
